O‘n to‘rt asr oldin musulmonlar “karantin”ni bilishgan

0
87

Islom ruhni ham, jismni ham, jamiyatni ham pok saqlashga chaqiradigan dindir.

Evropada badan va kiyimdagi kirlar baraka, odamga quvvat, deb e’tiqod qilingan bir paytda, hatto sahroda yashayotgan musulmon ham tahorat qilar, cho‘milishni farz deb bilardi.

G‘usl – janobatda, hayzda, hajda farz bo‘ladi; ikki hayitda, ehromda, jumada mustahab bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Juma kunining g‘usli har bir balog‘atga yetgan kishining zimmasidadir, misvok ham, imkon qadar xushbo‘ylik surtadi” (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Ba’zi faqihlar g‘uslning turini o‘n yetti xil sanagan. Bu g‘uslning ahamiyatini ko‘rsatadi. Islom dinida mikrob ko‘payishi mumkin bo‘lgan joylarni poklashga buyuriladi. Og‘iz pokligi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ummatimga mashaqqat bo‘lmaganda har tahoratda misvok ishlatishga buyurar edim” (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam siydik va katta hojatdan chiqqan najosatdan poklanishga buyurganlar. Ikki qabr yonidan o‘tayotib, shunday deganlar: “Bu ikki qabrdagilar azoblanmoqda. Ulardan biri siydigidan saqlanmas edi, ikkinchisi esa ig‘vo qilardi, qilayotgan ishlarini katta ayb hisoblamas edi” (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni ortiqcha taom yeyishdan qaytarganlar: “Odam bolasi qornidan ko‘ra yomon idishni to‘ldirmagan, unga gavdasini ko‘tarib turadigan luqmalar kifoya qiladi, agar nafsi g‘olib bo‘lsa, uchdan biri taom uchun, uchdan biri ichimlik uchun, uchdan biri nafas olishi uchun” (Ibn Moja, Ibn Hibbon rivoyati).

Islom dini taom va ichimliklar halol bo‘lishini talab qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Idishlarning ustini yopinglar, meshlarning og‘zini berkitinglar” (Muslim rivoyati).

Islom dini jasadga, ruhga, jamiyatga zararli barcha iflosliklarni, giyohvand moddalar kabi mast qiluvchi narsalarni harom qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Har bir mast qiluvchi xamrdir, har bir xamr haromdir” (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Bu narsalar harom qilinishi bilan cheksiz zararlarning oldi olindi. Axir har kuni dunyoda minglab avtohalokatlar, qotilliklar, xunrezliklar mast kimsalar tomonidan sodir etilmoqda. Shuningdek, zino kabi fahsh ishlar harom qilingani ham musulmonlarning sog‘lig‘i, nasli va axloqini saqlab qolish uchundir. Bu esa jamiyatga ham katta foyda keltiradi. Hech kimga sir emaski, OITS kabi kasalliklar musulmon o‘lkalarda nisbatan kam uchraydi. Shubhasiz, bu Islom sharofatidandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari barchaga ibratlidir: “Qaysi bir qavmda fahsh keng tarqalib, ochiqcha qilsalar, ularda vabo va ota-bobolari ko‘rmagan kasalliklar tarqaladi” (Ibn Moja, Bayhaqiy rivoyati). Darhaqiqat, OITS, Ebola kabi kasalliklarni ularning ajdodlari bilmasdi.

Islom o‘limtik yeyishni ham harom qildi. Zamonaviy tibbiyot esa uning zararlarini endigina aniqladi.

Islomda sigaret chekish haromdir. Chunki dinimizda zararli va xabis (nafs jirkanadigan, o‘zini tortadigan) narsalar harom qilingan. Sigaretning tanaga zararlari bugun hech kimga sir emas.

Islom faqat tanaga emas, ruhiyatga ham e’tibor berdi. Allohni zikr qilishga buyurib, buni qalb xotirjamligi qilib qo‘ydi. Alloh taolo aytadi: “Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur” (Ra’d surasi, 28-oyat).

Islom musulmonlarni rahmdil, go‘zal xulqli, yumshoqfe’l, shirinso‘z bo‘lishga targ‘ib qiladi. Tabassum qilishni sadaqa sababiga tenglashtirdi, muomalada odobli bo‘lganlarga ajr va’da qildi. Birovning xatosini unutib, kechirimli bo‘lishga chaqirdi. Alloh taqsimlab bergan rizqqa rozi bo‘lishning ajri ulug‘ ekanini ta’kidladi. Yetgan musibatlarga qilingan sabrga jannat mukofoti xabarini berdi. Shubhasiz, bu musulmonlarning ruhiyatini ko‘tarib, qalbiga xotirjamlik bag‘ishlaydi.

Islom kiyimga ham e’tibor berdi. Alloh taolo shunday deydi: “Liboslaringizni poklang” (Muddassir surasi, 4-oyat). Insonni zohiriy poklikka undab, uni botiniy poklik bo‘lgan tavhidga buyuradi: “Rabbingizni ulug‘lang”.

Islom siydik, qon kabi narsalardan pok bo‘lishni, unday kiyim bilan namoz o‘qimoq joiz emasligini ta’kidladi. Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh najosat tekkan kiyim bilan namoz o‘qib qo‘ygan kishi namozini boshqatdan o‘qishiga fatvo bergan: najosat kammi-ko‘pmi – farqi yo‘q (“Masoili imom Ahmad”).

Islom davolanishga targ‘ib qilishi bilan birga, kasallikning oldini olishga ham buyuradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Tuya egasi kasal tuyalarini sog‘lom tuyalarga aralashtirmasin” (Buxoriy, Muslim rivoyati).

O‘n to‘rt asr oldin musulmonlar “karantin”ni bilishgan. Bu kasallikning oldini olishning oddiy usuli hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xatarli kasallardan moxov haqida shunday deganlar: “Moxov kasaliga chalingan odamdan sherdan qochganday qochinglar” (Ahmad, Ibn Abu Shayba, Bayhaqiy rivoyati). Vabo kabi xatarli kasallik bor joyni “karantin” qilish uchun shunday deganlar: “Bir joyda vabo tarqalsa, u yerga bormanglar, agar o‘sha joyda bo‘lsangiz, u yerdan chiqmanglar” (Muslim, Ahmad rivoyati).

Manba: azon. uz

Bu haqda aniq.uz habar bermoqda.

Javob qoldiring