Bunaqa xabarni tarqatish gunoh!

0
83

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, bir qiz tushida ko‘rgan emishki, Qur’oni Karimdagi Baqara surasining 6 – 7-betida Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallamning kipriklari bor emish va uni qaynatib ichilsa, hozirgi kunda insoniyatga tahdid solib turgan Koronavirusga shifo bo‘lar emish.

Ushbu xabarlar mutlaqo asossiz yolg‘on hisoblanadi. Sababi Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallamni tushda ko‘rish kamdan-kam mo‘minlarga muyassar bo‘ladi. Bo‘lganda ham bunday vaziyatda, bu taxlitda nasihat qilmaydilar. Ikkinchidan, u zoti bobarakotning kipriklari ham bu kungacha saqlanmagan. Saqlanganda ham, har bir Qur’ondan chiqishi aqlga sig‘maydigan ishdir. Bu – fitnachilarning vaziyatdan foydalanib uyushtirayotgan navbatdagi fitnasidan boshqa narsa emas. Chunki, mazkur xabarga ishonib, ergashgan odam ushbu mudhish kasaldan qutulmasa, dinimizga, Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallamga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘lishi – fitnachilarning maqsadidir. Shuning uchun hamyurtlarimizga tavsiyamiz, turli xil bo‘lar-bo‘lmas, asossiz ma’lumotlarga ishonib ketavermasinlar, tarqatmasinlar.

Alloh taolo Qur’oni Karimning Hujurot surasi 6-oyatida quyidagicha marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.

Binobarin, har qanday ma’lumotga ishonib, qaror qabul qilaverish dunyo va oxiratda pushaymonga sabab bo‘lishi mumkin. Tekshirilmagan xabarni tarqatgan odam ham ayni gunohga sherik bo‘lib qoladi. Ma’lumotni olish va aniqlashda avvalo, har bir sohaning o‘zining mutaxassisiga murojaat qilinishi kerak. Bundan keyingi hayotimizda ham sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabat bildirishda mutaxassislar fikri va rasmiy xabarlarga murojaat qilishimiz lozim. 

Manba: azon. uz

Bu haqda aniq.uz habar bermoqda.

Javob qoldiring